“Mustaqillik to‘yi” festivali doirasida harbiylar bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-06-04 10:15:00 / Yangiliklar

Festival doirasida qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida o‘ndan ortiq ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan ana shunday tadbirlardan biri Serjantlar tayyorlash oliy maktabida o‘tkazilib unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Xasanov, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, oliy maktab rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, jamoatchilik vakillari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, erishilayotgan yutuqlar, xalqimizning boy tarixiy merosi va bugungi taraqqiyot bosqichiga erishishda xalqimiz tomonidan ko‘rsatilgan matonat hamda fidoyilik haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Shuningdek, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ma’naviy meros, tarix sahnasida o‘chmas iz qoldirgan buyuk sarkardalar, davlat arboblari, olim va mutafakkirlarning hayoti hamda faoliyati xususida fikr bildirilib, ularga munosib voris bo‘lish har bir fuqaroning sharafli burchi ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida zamonaviy axborot texnologiyalari, xususan, sun’iy intellektning bugungi kundagi ahamiyati, uning ilm-fan, ta’lim va boshqa sohalardagi imkoniyatlari haqida ham ma’lumot berildi. Ishtirokchilarga sun’iy intellekt texnologiyalari asosida tayyorlangan Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy videorolik namoyish etildi.
Bundan tashqari, Vatan tinchligi va xalq osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasiga bag‘ishlangan videoklip ham namoyish qilinib, tadbir ishtirokchilarida chuqur taassurot qoldirdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish imkoniyatlariga bag‘ishlangan zamonaviy adabiyotlar va qo‘llanmalar bilan tanishtirildi.
Tadbir ochiq muloqot va savol-javoblar ruhida o‘tib, harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassisdan batafsil javoblar oldilar. Mazkur uchrashuv ishtirokchilarning tarixiy xotira, ma’naviy qadriyatlar va zamonaviy texnologiyalar haqidagi bilimlarini yanada boyitishga xizmat qildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






