Milliy qadriyatlar bag‘rida tarbiyalanayotgan Vatan himoyachilari
2026-06-03 12:45:00 / Yangiliklar

Xayraobod garnizonida faoliyat yuritayotgan baxshichilik to‘garagi bugungi kunda milliy san’at va folklor an’analariga qiziqish bildirayotgan o‘nlab harbiy xizmatchilarni o‘z atrofiga jamlagan. Mashg‘ulotlar davomida xalq dostonlari, milliy kuy-qo‘shiqlar hamda baxshichilik san’atining o‘ziga xos jihatlari o‘rgatilmoqda. Tajribali ustozlar va xalq baxshilari tomonidan olib borilayotgan darslar yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, ularda ajdodlar merosiga hurmat va ehtirom tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mashg‘ulotlar jarayonida harbiy xizmatchilar do‘mbira va chanqovuz kabi milliy cholg‘u asboblarini chalish sirlarini puxta egallab, xalq og‘zaki ijodi namunalarini o‘rganmoqda. Bu esa ularda nafaqat san’atga muhabbat, balki milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotiraga hurmat va ma’naviy mas’uliyat hissini shakllantiradi, albatta.
Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan Lazizjon ham ana shunday izlanuvchan yoshlar safidan joy olgan. Harbiy qismda yaratilgan imkoniyatlar uning baxshichilik san’atiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi. Bugungi kunda u chanqovuz va do‘mbira sadolari orqali xalqimizning boy madaniy merosini o‘rganib, Vatanga muhabbat, mardlik va sadoqat kabi yuksak fazilatlarni o‘z qalbida yanada mustahkamlamoqda.
Harbiy qismda tashkil etilgan ot sporti to‘garagi ham yosh harbiy xizmatchilar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Mazkur mashg‘ulotlar davomida askarlar otni boshqarish, murakkab vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish, jismoniy chiniqish hamda ruhiy barqarorlikni mustahkamlash ko‘nikmalarini egallamoqda.
Navoiy viloyatidan harbiy xizmatga chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchi Azizbek Axmatov ham ushbu to‘garakning faol ishtirokchilaridan biri sanaladi. U muntazam mashg‘ulotlar orqali o‘z mahoratini oshirib, harbiy xizmat davomida zarur bo‘ladigan jismoniy va ruhiy tayyorgarligini mustahkamlab bormoqda.
Ta’kidlash joizki, baxshichilik va ot sporti to‘garaklari harbiy xizmatchilarni milliy merosimiz bilan yaqindan tanishtirish barobarida, ularda ajdodlarimizga xos mardlik, fidoyilik, vatanparvarlik va sadoqat kabi fazilatlarni kamol toptirishga xizmat qilib, yoshlarning harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishi va mas’uliyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati








