Navoiy garnizonida askarlar kelajagi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda
2026-06-03 11:30:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda Qurolli Kuchlar tizimida “Bir askar — bir kasb” tamoyili asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur tizim yosh askarlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni zamonaviy kasblarga o‘qitish hamda kelgusida jamiyatda munosib o‘rin egallashlari uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qilmoqda.
Xususan, Markaziy harbiy okrug Navoiy garnizonidagi harbiy qismda ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Harbiy qism hududida tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida tajribali mutaxassislar va o‘qituvchilar tomonidan yosh askarlarga axborot texnologiyalari, xorijiy tillar hamda turli texnik yo‘nalishlar bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berilmoqda. Mashg‘ulotlar zamonaviy pedagogik usullar asosida tashkil etilib, har bir harbiy xizmatchining qiziqishi va qobiliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, Navoiy shahrida faoliyat yuritayotgan Monomarkaz bilan hamkorlikda muddatli harbiy xizmatchilar uchun kasb-hunar kurslari yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu kurslarda askarlar elektrik, payvandlash, santexnika, kompyuter savodxonligi hamda IT texnologiyalari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim olishmoqda. Tajribali ustozlar rahbarligida o‘tkazilayotgan amaliy mashg‘ulotlar davomida yoshlar o‘zlari tanlagan kasb sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirib, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlab bormoqda.
Ayniqsa, ingliz tilini o‘rganayotgan yosh harbiy xizmatchilar zamonaviy bilimlarni egallash, kelgusida o‘z kasbiy faoliyatida keng imkoniyatlarga ega bo‘lish uchun zarur bilimlarni o‘zlashtirmoqda. Bu esa ularning dunyoqarashi, intellektual salohiyati va fikrlash doirasini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, harbiy xizmatchilarni oliy ta’lim muassasalariga tayyorlash maqsadida qo‘shimcha fan mashg‘ulotlari muntazam ravishda tashkil etilmoqda. Ushbu darslar orqali askarlar o‘z bilim saviyasini oshirib, test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Natijada ular harbiy xizmatni yakunlagach, oliy ta’lim olish va kelajakda malakali mutaxassis bo‘lib yetishish uchun zarur bilim va tajribaga ega bo‘lmoqda.
Umuman olganda “Bir askar — bir kasb” tamoyili asosida olib borilayotgan bunday ezgu ishlar yoshlarning nafaqat harbiy tayyorgarligini mustahkamlash, balki ularning kelajak hayotida o‘z o‘rnini topishi, zamonaviy kasb egasi sifatida yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shishiga xizmat qilmoqda.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati








