Harbiy mahorat amaliyotda toblanmoqda
2026-06-02 19:20:00 / Yangiliklar

Mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchilar shartli dushman tomonidan egallangan hududga yetib borish, tabiiy va sun’iy to‘siqlarni yengib o‘tish hamda murakkab taktik vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha amaliy vazifalarni bajardilar. Jangovar sharoitga yaqinlashtirilgan muhitda o‘tkazilgan mashqlar harbiylarning jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi va ruhiy barqarorligini sinovdan o‘tkazdi.
Shuningdek, taktik tayyorgarlik mashg‘ulotlari davomida tezkor qaror qabul qilish, yashirin harakatlanish va belgilangan marralarni egallash bo‘yicha ko‘nikmalar mustahkamlandi. Harbiy xizmatchilar vazifalarni bajarish jarayonida o‘zlarining kasbiy mahorati va jangovar tayyorgarlik darajasini namoyon etdilar.
Otish tayyorgarligi mashg‘ulotlarida esa turli masofalardagi nishonlarga amaliy o‘q uzish mashqlari bajarildi. Harbiy xizmatchilar qurol-aslahalardan mohirona foydalanish, nishonlarni aniq yakson etish hamda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha belgilangan me’yorlarni muvaffaqiyatli ado etdilar. Ta’kidlash joizki, harbiy mahorat aynan shunday amaliy mashg‘ulotlar jarayonida toblanib, harbiy xizmatchilarning Vatan himoyasiga doimo shay turishiga zamin yaratadi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









