“Yoshlar oyligi” — kelajak bunyodkorlari uchun keng imkoniyatlar maydoni
2026-06-02 18:50:00 / Yangiliklar

Ochilish marosimlarida harbiy xizmatchilar, yoshlar, faxriylar, nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar yetakchilari hamda harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirlar davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan bugungi kunda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, yoshlarning harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishi, ularda ona Vatanga muhabbat, yurt tinchligi va xalq farovonligi uchun mas’uliyat hissini shakllantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani qayd etildi.
“Yoshlar oyligi” doirasidagi dastlabki tadbirlar 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy va madaniy-ko‘ngilochar dasturlar bilan davom etdi. Jumladan, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning Ma’naviyat va ma’rifat markazida bolajonlar uchun turli sport musobaqalari, milliy xalq o‘yinlari, shaxmat va shashka bellashuvlari, qiziqarli tanlovlar hamda viktorinalar tashkil etildi.
Tadbirlar davomida bolalarning ijodiy qobiliyatlarini namoyon etishlari, jamoaviylik va do‘stlik fazilatlarini mustahkamlashlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Bayramona dasturlar bolajonlarning kayfiyatini ko‘tarib, ularga unutilmas taassurotlar ulashdi. Ayniqsa, harbiy orkestr jamoalarining jo‘shqin chiqishlari, yosh iste’dodlarning badiiy chiqishlari hamda sahna ko‘rinishlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Eslatib o‘tamiz, “Yoshlar oyligi” davomida barcha garnizonlarda sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik uchrashuvlari, kitobxonlik tanlovlari, intellektual bellashuvlar, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati









