Andijonda “Temurbeklar maktabi”ga nomzodlarni saralash bosqichlari boshlandi
2026-06-02 16:55:00 / Yangiliklar

Saralash jarayonlari ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida tashkil etilib, unda yuzlab iqtidorli yoshlar ishtirok etmoqda. Nomzodlarning bilim va salohiyatini baholash maqsadida matematika, ona tili va adabiyot, tarix hamda xorijiy tillar bo‘yicha sinovlar o‘tkazilmoqda.
Bugungi kunda zamonaviy Qurolli Kuchlar safi uchun nafaqat jismoniy jihatdan chiniqqan, balki keng dunyoqarashga ega, strategik fikrlaydigan va tezkor qaror qabul qila oladigan yosh kadrlarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois saralash bosqichlari harbiy ta’lim tizimi uchun munosib nomzodlarni aniqlashga xizmat qiladi.
“Temurbeklar maktabi” o‘z faoliyati davomida minglab yoshlar uchun intizom, liderlik, matonat va vatanparvarlik maktabiga aylangan. Mazkur ta’lim muassasasida tahsil olgan o‘quvchilar kelgusida mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida xizmat qiladigan malakali harbiy kadrlar sifatida shakllanadi.
Ayni kunlarda Andijonda davom etayotgan saralash bosqichlari bilimli, maqsadli va tashabbuskor yoshlarni kashf etish hamda ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati





