Bolajonlar quvonchi — e’tibor va g‘amxo‘rlik ifodasi
2026-06-02 10:30:00 / Yangiliklar

1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi boshqaruv apparatida harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Bayram dasturi qiziqarli sahna ko‘rinishlari, ertak va multfilm qahramonlari ishtirokidagi chiqishlar, kuy-qo‘shiqlar hamda ko‘ngilochar tomoshalarga boy bo‘ldi. Kichkintoylar sevimli qahramonlari bilan uchrashib, unutilmas taassurotlarga ega bo‘ldi.
Shuningdek, bolalar o‘rtasida yosh toifalari bo‘yicha sport va madaniy yo‘nalishdagi turli musobaqalar tashkil etildi. Qiziqarli va murosasiz kechgan bellashuvlar tadbirga yanada fayz bag‘ishlab, ishtirokchilarning kayfiyatini ko‘tardi.
Musobaqalarda faol ishtirok etib, g‘olib va sovrindor bo‘lgan bolajonlar qo‘mondonlikning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbir yakunida esa barcha ishtirokchilarga shirinliklar va salqin ichimliklar ulashilib, bolalarga bayramona quvonch ulashildi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati









