Inson qadri yo‘lidagi amaliy tizim
2026-06-02 09:50:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda tizim faoliyati barcha garnizonlarda bo‘lgani kabi Xayraobod garnizonida joylashgan harbiy qismda ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. Harbiy xizmatchilar bilan muntazam uchrashuvlar, ochiq muloqotlar va individual suhbatlar tashkil etilib, ularning xizmat faoliyati, oilaviy muhiti hamda ijtimoiy ahvoli atroflicha o‘rganilmoqda.
“Harbiy qism yettiligi” faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri xonadonbay ishlash tizimidir. Harbiy shaharchalarda istiqomat qilayotgan oilalar uylaridan xabar olinib, yashash sharoiti, bandlik darajasi, farzandlar tarbiyasi hamda ijtimoiy ehtiyojlari o‘rganiladi. Bu esa muammolarni ular chuqurlashib ketmasidan oldin aniqlash va o‘z vaqtida bartaraf etish imkonini yaratmoqda.
Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy natijalari hayotiy misollarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Jumladan, Namangan viloyatida tug‘ilib voyaga yetgan Muslima Ortiqova turmush o‘rtog‘ining xizmat faoliyati sabab Denov tumaniga ko‘chib kelganidan keyin bir muddat o‘zining sevimli kasbi — pedagoglik faoliyatidan chetda qolgan edi. O‘rganishlar davomida uning murojaati e’tiborga olinib, bandlik masalasi yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada joriy yilning may oyidan boshlab u yana ta’lim sohasidagi faoliyatini davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Yana bir e’tiborli jihat shundaki, Denov tumanidagi harbiy shaharchada istiqomat qiluvchi Sarafroz Toirovaning murojaati ham o‘z yechimini topmoqda. Uning farzandini maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish hamda mutaxassisligi bo‘yicha mehnat faoliyatini qayta boshlashi uchun zarur tashkiliy va amaliy choralar belgilandi. Hozirda bu yo‘nalishda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlik ishlari davom ettirilmoqda.
III darajali serjant Akbar AXMEDOV,
Termiz garnizoni









