Markaziy harbiy okrugda bolalar bayrami nishonlandi
2026-06-01 19:50:00 / Yangiliklar

Dastlab Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi va Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazi hamkorligida bayram dasturi o‘tkazildi. Unda harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Tadbir davomida yosh avlodda Vatanga muhabbat va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi va Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi Samarqand mintaqaviy filiali hamkorligida “Hech bir qalb mehrdan chetda qolmaydi” shiori ostida tadbir tashkil etildi. Unda imkoniyati cheklangan bolalar uchun madaniy-ko‘ngilochar dasturlar va jonli ijrolar namoyish etildi.
Bundan tashqari, Samarqand garnizonidagi harbiy qismda harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun sport o‘yinlari, rasm chizish tanlovi va turli bellashuvlar o‘tkazildi. Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.







