Kursantlar Xalqaro olimpiadada yuqori natijalarni qayd etdi
2026-06-01 19:40:00 / Yangiliklar

“G‘alaba” shiori ostida tashkil etilgan mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston vakillaridan iborat 7 ta jamoa o‘zaro bellashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Quruqlikdagi qo‘shinlar instituti kursantlari xalqaro jamoalar tarkibida “Taktik va maxsus-taktik tayyorgarlik”, “Otish tayyorgarligi” hamda “Harbiy-sport tayyorgarligi” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan sinovlarda faol ishtirok etib, yuksak mahorat, mustahkam bilim va puxta tayyorgarlik namunasini namoyon etdi.
Shuningdek, kursantlar “Otish tayyorgarligi”, “Taktik meditsina”, “Armiya biatloni”, “Topografik orientirlash”, “O‘t ochib yakson qilish”, “Xalqaro to‘siqlar yo‘lagi” kabi boshqa yo‘nalishlarda yuqori natijalarga erishib, birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Quruqlikdagi qo‘shinlar instituti kursantlari jami 27 ta sovrinli o‘rinni egalladi. Shundan 13 ta birinchi o‘rin, 10 ta ikkinchi o‘rin hamda 4 ta uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Musobaqa yakunida ishtirokchilar medallar, diplomlar, sertifikatlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
Ushbu yutuq mamlakatimiz harbiy ta’lim muassasalari kursantlarining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi, kasbiy salohiyati va Vatan himoyasiga munosib kadrlar sifatida shakllanib borayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.





