Surxondaryoda “Yoshlar oyligi” ko‘tarinki ruhda boshlandi
2026-06-01 18:30:00 / Yangiliklar

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz, Xayraobod va Kakaydi garnizonlarida joylashgan harbiy qismlarda tashkil etilgan tadbirlarda harbiy qismlarga biriktirilgan hamda otaliqqa olingan yoshlar, faxriylar, nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar yetakchilari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Ochilish marosimlari ertalabki sog‘lomlashtirish tadbirlari bilan boshlandi. Xususan, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, yoshlar o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish va sportga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish maqsadida “10000 qadam” yurish marafoni tashkil etildi. Marafon ishtirokchilari mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashlarini namoyon etdi.
Shundan so‘ng garnizonlarda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar va ochiq muloqotlar tashkil etildi. Tadbirlarda so‘zga chiqqanlar tomonidan mamlakatimizda yoshlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishi hamda iqtidor va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar alohida e’tirof etildi.
Tadbirlar davomida harbiy xizmatchilar hamda O‘zbekiston Respublikasi mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan qurol-aslaha, harbiy va sport texnikalari ko‘rgazmalari namoyish etildi. Shuningdek, jangovar tayyorgarlik elementlarini o‘z ichiga olgan ko‘rgazmali chiqishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Bayram tadbirlarining madaniy qismida harbiy orkestr jamoalari tomonidan Vatan, tinchlik, sadoqat va mardlikni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Mazmunli konsert dasturlari, badiiy chiqishlar hamda yosh ijodkorlarning sahna namoyishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, tadbirlarga yanada fayz bag‘ishladi.
Mazkur yoshlar oyligi doirasida garnizonlarda sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, kitobxonlik tanlovlari, intellektual bellashuvlar, ochiq muloqotlar hamda yoshlarning bilim va dunyoqarashini kengaytirishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
III darajali serjant Akbar AXMEDOV.
Termiz garnizoni.








