Nuriston qo‘rg‘onida bolajonlar uchun bayram shukuhi yaratildi
2026-06-01 15:50:00 / Yangiliklar

Bayram munosabati bilan harbiy qism hududida bolalar uchun keng ko‘lamli ko‘ngilochar va ma’rifiy maydonlar tashkil etildi. Xususan, bayram sahnasi, ko‘chma o‘yingoh, “Rassomlar shaharchasi”, “Hunarmand bolajon”, “Kitobim – oftobim” kabi maskanlar kichkintoylarning sevimli manziliga aylandi. Ushbu maydonlarda bolalar o‘z iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etish, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbir davomida viloyat qo‘g‘irchoq teatri ijodkorlari tomonidan namoyish etilgan, Vatanga muhabbat, do‘stlik va insoniy qadriyatlarni ulug‘lovchi sahna asari bolalarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, spektakl jarayonlarida bolalarning bevosita ishtirok etishi ularda ijodkorlik va faollik ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga xizmat qildi.
Shuningdek, okrug psixologlari tomonidan bolalarning yosh xususiyatlaridan kelib chiqib turli sport musobaqalari, mantiqiy o‘yinlar va aql bellashuvlari tashkil etildi. Qiziqarli va murosasiz bahslarda faol qatnashgan ishtirokchilar rag‘batlantirilib, g‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.









