1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni keng nishonlandi
2026-06-01 11:25:00 / Yangiliklar

Tadbirlar avvalida harbiy qism qoʻmondonliklari tomonidan bolajonlar samimiy qutlanib, ularga mustahkam sogʻlik, begʻubor va baxtli bolalik, taʼlim va tarbiya yoʻlidagi muvaffaqiyatlar hamda kelajakda yurt ravnaqiga munosib hissa qoʻshadigan komil insonlar boʻlib voyaga yetishlari tilandi.
Bayram dasturi bolalarning qiziqish va intilishlarini inobatga olgan holda rang-barang va mazmunli tashkil etildi. Isteʼdodli sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar, shoʻx va quvnoq chiqishlar tadbir ishtirokchilariga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, qoʻgʻirchoq teatri ijodkorlari tomonidan ertak qahramonlari ishtirokidagi sahna koʻrinishlari namoyish etildi. Sevimli ertak qahramonlari bilan uchrashgan bolajonlar teatr tomoshalarini katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib, unutilmas taassurotlarga ega boʻlishdi. Tadbir davomida turli qiziqarli oʻyinlar, viktorinalar va koʻngilochar musobaqalar tashkil etilib, faol qatnashgan bolalar ragʻbatlantirildi.
Bayram yakunida quvonchdan koʻzlari porlagan bolajonlarga esdalik sovgʻalari va bayram tuhfalari topshirildi. Samimiy va koʻtarinki ruhda oʻtgan tadbirlar harbiy xizmatchilar oilalari farzandlariga quvonch ulashib, ularning qalbida yorqin taassurotlar qoldirdi.
Mazkur tadbirlar mamlakatimizda bolalarning manfaatlarini taʼminlash, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda oila va farzandlarga boʻlgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yana bir amaliy ifodasi boʻldi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati





