Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun madaniy hordiq tadbiri tashkil etildi
2026-05-30 16:20:00 / Yangiliklar

Tadbirda taniqli xonanda, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Xurshid Rasulov ishtirok etib, yig‘ilganlarga konsert dasturini taqdim etdi.
Konsert davomida Vatanga muhabbat, xalq va armiya birligi, milliy qadriyatlar, tinchlik-osoyishtalik hamda yurt ravnaqi g‘oyalarini tarannum etuvchi, ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Musiqiy chiqishlar harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Shuningdek, tadbir davomida san’at va madaniyatning inson ma’naviy kamolotidagi o‘rni, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati alohida e’tirof etildi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan madaniy hordiq tadbiri ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirib, harbiy jamoalarda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining madaniy-ma’rifiy ehtiyojlarini qondirish hamda yoshlarning san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qildi.






