Nukusda muddatli harbiy xizmatchilarning bilim salohiyati sinovdan o‘tkazildi
2026-05-29 16:40:00 / Yangiliklar

Sinov jarayonlari belgilangan tartib va mezonlar asosida tashkil etilib, ishtirokchilarning umumtaʼlim fanlari boʻyicha bilim darajasi kompleks ravishda baholandi. Test sinovlari davomida harbiy xizmatchilarning mantiqiy fikrlashi, mustaqil qaror qabul qilish koʻnikmalari hamda nazariy bilimlarni amaliy jihatdan qoʻllash salohiyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda Qurolli Kuchlar tizimida yoshlarning nafaqat jangovar va jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash, balki ularning maʼnaviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralmoqda. Shu maʼnoda, bunday test sinovlari harbiy xizmatchilarning kelgusida oliy taʼlim muassasalarida tahsil olishi uchun muhim tayyorgarlik bosqichi vazifasini oʻtamoqda.
Ayniqsa, harbiy xizmatni sharaf bilan oʻtab, kelajakda turli sohalarda yetuk mutaxassis boʻlishni maqsad qilgan yoshlar uchun mazkur tashabbus katta motivatsiya manbaiga aylanayotgani eʼtiborga molik. Sinovlar davomida yuqori natijalarni qayd etgan harbiy xizmatchilar oʻz bilim va salohiyatlarini namoyon etish barobarida, kelgusidagi taʼlim va kasbiy faoliyatlariga mustahkam zamin yaratish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati






