Osiyo chempionatining g’olib va sovrindorlari tantanali kutib olindi
2026-05-27 17:35:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli musobaqa yakuniga ko‘ra terma jamoamiz qit’a birinchiligida 2 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medallarini jamgʻarib, yurtimiz sha’ini munosib himoya qilishdi. Terma jamoamiz tarkibida ishtirok etgan Mudofaa vazirligi sportchilari ham ushbu natijaga munosib hissa qo’shishdi. Xususan, leytenant Svetlana Osipova (+73 kg) va kichik serjant Ozoda Sobirjonova (–67 kg) oltin medal, Qurolli Kuchlar xizmatchilari Marat Mavlonov (+87 kg) va Jasur Jaysunov (-80 kg) kumush medal hamda Qurolli Kuchlar xizmatchilari Omonjon Otajonov (-58 kg) va Najmiddin Qosimxojiyev (-74 kg) bronza medallarini qo’lga kiritishdi. Kuni kecha Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida terma jamoa aʼzolarini tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbir harbiy orkestr sadolari ostida, bayramona ruhda oʻtdi. Mazkur tantanali kutib olish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Sport vazirligi, Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi, ommaviy axborot vositalari vakillari, sportchilarning ustozlari hamda yaqinlari ishtirok etib, sportchilarimizni mazkur g’alabalar bilan muborakbod etishdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






