Muddatli harbiy xizmatchilar kasb sirlarini puxta egallamoqda
2026-05-26 17:30:00 / Yangiliklar

Ayni paytda harbiy qismlarda 15 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etilgan. Unda askarlar zamonaviy kasblarning boshlang‘ich sir-asrorlarini o‘rganish, kompyuter savodxonligini oshirish hamda xorijiy tillar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Mashg‘ulotlar tajribali mutaxassis va o‘qituvchilar tomonidan interaktiv usullarda tashkil etilayotgani yoshlarning qiziqishi va faolligini yanada oshirmoqda. Bu esa harbiy xizmatchilarning xizmat davomida muayyan kasb egallashi, kelgusida jamiyatda munosib o‘rin topishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, harbiy qism hududida yo‘lga qo‘yilgan asalarichilik yo‘nalishidagi amaliy mashg‘ulotlar ham askarlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ushbu mashg‘ulotlar davomida ular asalarilarni parvarishlash, asal mahsulotlarini yetishtirish hamda sohaning o‘ziga xos jihatlari bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lmoqda.
Bunday tadbirlarning asosiy maqsadi — harbiy xizmatchilarni zamonaviy va serdaromad kasblarga yo‘naltirish, ularning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish hamda xizmatdan keyingi hayotda o‘z yo‘lini topishiga ko‘maklashishdan iborat.
Shu ma’noda, harbiy xizmat nafaqat Vatan himoyasi, balki yoshlar uchun haqiqiy hayot maktabi vazifasini ham bajarmoqda.
III darajali serjant Akbar AXMEDOV.
Termiz garnizoni.





