So‘x garnizonida ma’naviyat va tarix uyg‘unligi
2026-05-26 11:15:00 / Yangiliklar

Tadbirda Mudofaa vazirligi hamda Sharqiy harbiy okrug mas’ul ofitserlari, muddatli harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Harbiy orkestr sadolari ostida boshlangan tadbirda mamlakat tinchligi, sarhadlar daxlsizligi va xalq osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning sharafli va mas’uliyatli faoliyati alohida e’tirof etildi.
“Millat fidoyilari” kitob-albomi taqdimoti davomida unda yurt himoyasi yo‘lida jon fido qilgan harbiy xizmatchilar xotirasi, Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, Vatanga sadoqat timsoliga aylangan harbiylarning ibratli hayot yo‘li keng yoritilgani ta’kidlandi. Mutasaddilar mazkur kitob-albom nafaqat tarixiy manba, balki yosh avlod uchun jasorat, matonat va fidoyilik maktabi vazifasini o‘tashini qayd etdi.
Tadbirning ikkinchi qismi yig‘ilganlarda yanada katta taassurot qoldirdi. O‘zbek xalqining jasur va mard farzandi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mamadali Topvoldiyev xotirasiga bag‘ishlangan “O‘zbek arsloni” badiiy filmi namoyish etildi. Filmda oddiy qishloq yigitining urushning og‘ir va mashaqqatli sinovlari davridagi hayoti, dushman ortidagi xavfli topshiriqlarda ko‘rsatgan jasorati, shuningdek, urushdan keyingi bunyodkorlik jarayonlaridagi matonati ta’sirchan sahnalar orqali mahorat bilan yoritilgan.
Film namoyishidan so‘ng faxriylar va harbiy xizmatchilar tomonidan urush yillaridagi mardlik, jasorat va bugungi tinch hayotning bebaho qadri haqida samimiy fikr-mulohazalar bildirildi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









