Madaniyat va san'at vakillarining qutlug' sanasi keng nishonlandi
2026-05-25 17:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda Mudofaa vazirligi rahbariyati, faxriy harbiylar, Qurolli Kuchlar tizimida faoliyat yuritayotgan ishchi-xizmatchilar hamda soha hodimlari ishtirok etdi.
Bayram tadbiri davomida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni rivojlantirish, milliy san’at va madaniyatni targ‘ib etish, harbiy xizmatchilar qalbida Vatanga sadoqat va yurtparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan ishlar alohida e’tirof etildi.
Tadbir avvalida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining ko‘p yillik faoliyati, uning harbiy-vatanparvarlik ruhidagi ijodiy chiqishlari, milliy va zamonaviy san’at namunalarini uyg‘unlashtirgan holda amalga oshirayotgan samarali faoliyati haqida so‘z yuritildi.
Ansambl jamoasining nafaqat harbiy xizmatchilar, balki keng jamoatchilik o‘rtasida ham ma’naviy-madaniy targ‘ibot ishlariga munosib hissa qo‘shib kelayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, 18-may — Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan harbiy muzeylar faoliyati, tarixiy merosni asrab-avaylash va yosh avlodga yetkazish borasida xizmat qilayotgan mutaxassislarning mehnati ham alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida sohada fidokorona mehnat qilib kelayotgan bir guruh hodimlar kasb bayrami munosabati bilan Mudofaa vazirligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bayram yakunida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etilib, unda Vatan, tinchlik, harbiy xizmat sharafi va milliy qadriyatlarni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









