Yoshlar — Yangi O‘zbekistonning ishonchli tayanchi
2026-05-25 17:30:00 / Yangiliklar

Bugun yurtimizning turli hududlarida o‘tkazilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari tom ma’noda ezgulik, ehtirom va vatanparvarlik ruhiga yo‘g‘rildi. Maktab maydonlarida hilpiragan davlat bayrog‘i, ustozlarning mehrga to‘la nigohlari, ota-onalarning faxr va hayajonga qorishgan chehralari ushbu kunning naqadar ulug‘ va unutilmas ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Tantanali tadbirlarda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi okrug va qo‘mondonlik vakillari, faxriylar hamda harbiy xizmatchilarning ishtiroki bayramga alohida salobat bag‘ishladi. Harbiylarning samimiy tilaklari, yoshlar bilan ochiq muloqotlari va ularga bildirilgan ezgu niyatlar bitiruvchilarning qalbida cheksiz g‘urur va mas’uliyat hissini uyg‘otdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar bugungi tinch va osuda hayot osonlik bilan qo‘lga kiritilmaganini, uning zamirida xalqning birdamligi, jasur o‘g‘lonlarning matonati va fidoyiligi mujassam ekanini alohida ta’kidladi. Shu bois yoshlar oldida turgan eng muhim vazifa — ilm olish, zamonaviy kasblarni egallash, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish va xalq ishonchini oqlashdan iborat ekani qayd etildi.
Darhaqiqat, bugungi bitiruvchilar — ertangi kunning bunyodkorlari. Ular orasidan kelajak olimlari, muhandislari, shifokorlari, harbiylari, ustozlari va davlat ravnaqini yuksaltiradigan fidoyi insonlar yetishib chiqadi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti aynan mana shunday bilimli, ma’naviy barkamol va qat’iyatli yoshlar qo‘lida yanada yuksaladi.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirining eng ta’sirli lahzalari esa ustoz va shogird o‘rtasidagi samimiy munosabatlarda namoyon bo‘ldi. Yillar davomida ilm va tarbiya bergan ustozlarga bildirilgan cheksiz minnatdorlik, ota-onalarga bo‘lgan hurmat va ehtirom, sinfdoshlar o‘rtasidagi beg‘ubor do‘stlik tuyg‘ulari ko‘plarning qalbini junbushga keltirdi. Ba’zi nigohlarda quvonch yoshlariga qorishgan ayriliq armoni sezilgan bo‘lsa, ayrim chehralarda ulkan orzular sari dadil intilish aks etdi.
Badiiy qismda harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan ko‘rgazmali chiqishlar tadbirga o‘zgacha ruh va shijoat olib kirdi. Harbiy saf mashqlari, jangovar tayyorgarlik elementlari va mahorat bilan ijro etilgan chiqishlar yoshlar qalbida jasorat, intizom va Vatanga xizmat qilishdek sharafli burchga nisbatan havas uyg‘otdi. Harbiy orkestr jamoalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar qalblarni vatanparvarlik ruhi bilan to‘ldirdi. Ona Vatan, tinchlik va xalq birdamligini madh etuvchi musiqalar qalblarda faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









