Farg‘ona Temurbeklar maktabiga saralash bosqichlari boshlandi
2026-05-25 16:35:00 / Yangiliklar

Ana shunday muhim jarayonlardan biri ayni kunlarda Farg‘ona davlat texnika universitetida bo‘lib o‘tmoqda. Bu yerda Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyiga saralash bosqichlari shaffof va adolatli tarzda tashkil etilmoqda.
Saralash jarayonlarida yuzlab yosh nomzodlar o‘z bilim va intellektual salohiyatini sinovdan o‘tkazmoqda. Har bir ishtirokchining qalbida katta orzu — “Temurbeklar maktabi” safidan joy olish, kelajakda Vatan himoyachisi bo‘lish istagi mujassam. Universitet hududidagi hayajonli muhit, ota-onalarning ishonchi va yoshlarning qat’iyati ushbu jarayonning naqadar muhim ekanini yaqqol namoyon etmoqda.
Bugungi zamonaviy armiyada nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki chuqur bilim, strategik tafakkur va tezkor qaror qabul qilish qobiliyati ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli saralash bosqichlarida yoshlarning matematika, ona tili, tarix, xorijiy tillar bo‘yicha bilimlari alohida sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu esa kelajakda har tomonlama yetuk va zamonaviy fikrlaydigan harbiy kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.
“Temurbeklar maktabi” bugun ko‘plab yoshlar uchun nafaqat ta’lim maskani, balki intizom, liderlik va vatanparvarlik maktabiga aylangan. Bu yerda tahsil olgan o‘quvchilar kelajakda yurt tinchligi va xalq xavfsizligini ta’minlashdek sharafli vazifaga tayyorlanadi.
Farg‘onada davom etayotgan saralash jarayonlari esa Yangi O‘zbekistonning bilimli, fidoyi va maqsadli yoshlarini kashf etayotgan muhim maydonga aylanmoqda. Zero, bugun sinovdan o‘tayotgan ana shu yoshlar ertangi kunning jasoratli ofitserlari, xalq va Vatan tayanchi bo‘lib yetishadi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati







