"Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik sinfi" foydalanishga topshirildi
2026-05-25 12:10:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi vakillari, keng jamoatchilik, o‘quvchi-yoshlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Maktablarda yangrayotgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari arafasida tashkil etilgan ushbu bayram tadbiri o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar 44-son umumiy o‘rta ta’lim maktabining 94 nafar bitiruvchilarini samimiy muborakbod etib, ularning kelgusidagi hayot yo‘lida ulkan zafarlar, yuksak marralar va muvaffaqiyatlar tiladi.
Marosim avvalida harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi elementlari, faxriy qorovul jamoasining qurol bilan ko‘rgazmali chiqishlari hamda harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik ruhidagi kuy va taronalar tadbirga yanada tantanavor ruh bag‘ishladi. Shundan so‘ng “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik sinfi” rasman foydalanishga topshirildi.
Tadbir davomida mehmonlar mazkur sinfda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Xususan, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan o‘quv xonasi hamda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi targ‘ibot burchaklari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularning qalbida milliy g‘urur, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, yosh avlodni harbiy xizmatga tayyorlash, ularni intizomli, jismonan chiniqqan hamda ma’naviy yetuk insonlar etib voyaga yetkazishda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik sinflari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati









