Burch, jasorat va matonat ulug‘landi
2026-05-25 12:10:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Leningrad qamali qatnashchilari Zinaida Kozireva va Mariya Komarova, 2000-yilda Surxondaryo viloyatining tog‘li hududlarida xalqaro terrorchi guruhlarga qarshi janglarda qahramonlarcha halok bo‘lgan katta leytenant Shermuhammad Ashirovning turmush o‘rtog‘i Umida Ashirova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minova, shuningdek Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda Faxriylar kengashi vakillari, talaba-yoshlar va “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari ishtirok etdi.
Samimiy ruhda kechgan tadbir davomida mehmonlar urush yillarining mashaqqatli sinovlari, bugungi tinch va osuda hayotning qadr-qimmati, keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan e’tibor hamda faxriylarni e’zozlash xalqimizga xos yuksak fazilat ekani haqida so‘z yuritdi. Ayniqsa, jasorat timsoliga aylangan insonlarning hayot yo‘li yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi ekani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan “Millat fidoyilari” xiyoboni haqida bildirilgan fikrlar yig‘ilganlarda katta taassurot uyg‘otdi. Qahramonlar xotirasiga bag‘ishlab o‘qilgan she’rlar, ona Vatan va tinchlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar kechaga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. “Impuls” harbiy ansambli tomonidan ijro etilgan musiqiy chiqishlar esa tadbirning ta’sirchanligini yanada oshirdi.
Ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv doirasida tashkil etilgan kitob yarmarkasi ham qatnashchilarning e’tibor markazida bo‘ldi. Unda vatanparvarlik, tarix, jasorat, ma’naviyat hamda milliy qadriyatlarga oid adabiyotlar keng namoyish qilindi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan asarlar bilan yaqindan tanishib, mutolaaning inson tafakkuri va kamolotidagi o‘rni haqida fikr almashdi. Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ayniqsa, yoshlar ongida mustaqil fikrlash va ma’naviy immunitetni shakllantirishda muhim omil ekani qayd etildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









