Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida harbiy sport ko‘rigi boshlandi
2026-05-23 18:15:00 / Yangiliklar

Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda soha faxriylari ishtirok etdi.
Marosim avvalida Vatan himoyachilarining sharafli va masʼuliyatli xizmatiga yuksak ehtirom bildirilib, bugungi kunda Qurolli Kuchlar tizimida harbiy xizmatchilarning jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligiga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
Harbiy sport ko‘rigi doirasida universitetda faoliyat olib borayotgan sport hamda harbiy-amaliy yo‘nalishdagi to‘garaklar aʼzolari tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Xususan, qo‘l jangi usullari, saf tayyorgarligi, qurol bilan harakatlanish elementlari hamda jismoniy tayyorgarlikka oid mashqlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Har bir chiqishda harbiy xizmatchilarning jismoniy chiniqqani, tezkorligi, epchilligi va jangovar tayyorgarligi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Shuningdek, faxriy qorovulning tantanali chiqishlari tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Aniqlik, uyg‘unlik va yuqori intizom asosida bajarilgan harakatlar harbiy xizmat nufuzini yana bir bor namoyish etib, yosh kursantlarda Vatanga sadoqat, sharaf va masʼuliyat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Taʼkidlash joizki, bunday sport tadbirlari harbiy xizmatchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, jamoaviy hamjihatlikni kuchaytirish, chidamlilik va iroda sifatlarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti matbuot xizmati








