Mo‘ynoqda an’anaviy “Mo‘ynoq ralli” musobaqasiga tantanali start berildi
2026-05-23 16:00:00 / Yangiliklar

Mazkur sport tadbiri O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamkorligida o‘tkazilmoqda. Musobaqa mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan sportchilar, texnik sport ixlosmandlari va yoshlarni bir maydonga jamladi.
Tantanali ochilish marosimi harbiy orkestr sadolari ostida ko‘tarinki ruhda boshlandi. Tadbir davomida so‘zga chiqqan mutasaddilar tomonidan mamlakatimizda texnik sport turlarini ommalashtirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni mardlik va fidoyilik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ishtirokchilarga musobaqalarda omad va muvaffaqiyat tilandi.
Joriy yilgi “Mo‘ynoq ralli” musobaqasi o‘zining murakkab va ekstremal yo‘nalishlari bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ustyurt yassiligining tabiiy relefi, qumli yo‘llar, keskin burilishlar va murakkab marshrutlar sportchilardan nafaqat yuqori texnik mahorat, balki mustahkam iroda, katta tajriba va jismoniy chidamlilikni ham talab qilmoqda.
Musobaqalar bir nechta yo‘nalish va klasslarda tashkil etilgan bo‘lib, ular orasida dvigatel hajmi 1600 sm³ gacha bo‘lgan yengil avtomobillar ishtirokidagi “A-8” klassi, 2000 sm³ hajmdagi avtomobillar qatnashayotgan “A-9” klassi, 125 sm³ va 500 sm³ dvigatelli mototsikllar bahslari hamda tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otayotgan baggi poygalari o‘rin olgan.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha sportchilar o‘rtasida keskin va murosasiz kurashlar davom etmoqda. Tezlik va xavf uyg‘unlashgan ushbu bahslar sportchilarning nafaqat texnik tayyorgarligi, balki ruhiy barqarorligi va favqulodda vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish qobiliyatini ham sinovdan o‘tkazmoqda.
Shiddatli bahslar davom etmoqda.








