Jasorat, bilim va fidoyilik sabog‘i
2026-05-23 15:50:00 / Yangiliklar

Mazkur uchrashuvda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni ishtirok etib, “Jasorat maktabi” o‘quvchilari bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordi. Uchrashuv davomida yoshlarning fikr va takliflari tinglanib, ularni qiziqtirgan savollarga batafsil va atroflicha javoblar berildi.
Tadbir davomida harbiy sohaga qiziquvchi yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning iqtidor va salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy bilimlarni egallash hamda tashabbuskorlik va liderlik qobiliyatlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yoshlarni ilm-fan, innovatsion yondashuv va zamonaviy kasblarga yo‘naltirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish hamda IT sohasini chuqur o‘rganishning dolzarb ahamiyati haqida ham so‘z yuritildi. Yoshlar muntazam kitob mutolaasi qilishga, zamonaviy bilimlarni egallashga, mustaqil fikrlash va keng dunyoqarashni shakllantirishga chaqirildi.
Tadbir davomida milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, harbiy ta’lim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar, yoshlar uchun mavjud imkoniyatlar hamda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.
Ko‘tarinki ruh va samimiy muhitda o‘tgan mazkur tadbir yoshlarning qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va yurt taqdiriga daxldorlik hissini yanada mustahkamladi. Shu bilan birga, bu kabi uchrashuvlar yosh avlodni jismonan va ma’nan barkamol, bilimli hamda fidoyi insonlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida qayd etildi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati







