“Qoʻmondon kubogi” musobaqasi murosasiz bahslarga boy oʻtdi
2026-05-22 18:40:00 / Yangiliklar

Dastlab musobaqaning tantanali ochilish marosimi hamda qura tashlash jarayonlari oʻtkazildi. Unda jamoalarning bellashuv tartibi aniqlanib, ishtirokchilarga musobaqa nizomi va hakamlar tomonidan baholash mezonlari tushuntirib oʻtildi.
Shundan soʻng maydonda murosasiz va qizgʻin bahslarga boy uchrashuvlar boshlandi. Har bir jamoa gʻalaba uchun bor kuch va mahoratini ishga soldi. Ayniqsa, sportchilarning epchilligi, jismoniy tayyorgarligi va jamoaviy harakatlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Musobaqa yakunlariga koʻra, faxrli 3-oʻrin Andijon garnizonidagi harbiy qism jamoasiga nasib etdi. 2-oʻrinni Fargʻona garnizonidagi harbiy qism jamoasi egallagan boʻlsa, 1-oʻrinni Fargʻona garnizonidagi harbiy qismning “Jasorat” jamoasi qoʻlga kiritib, musobaqa gʻolibiga aylandi.
Tadbir yakunida gʻolib va sovrindor jamoalar diplom, medal hamda esdalik sovgʻalari bilan tantanali ravishda taqdirlandi. Mazkur sport musobaqasi harbiy xizmatchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, sportga boʻlgan qiziqishni yanada oshirish hamda doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati








