Dehqonobod yoshlari uchun harbiy-vatanparvarlik festivali o‘tkazildi
2026-05-22 10:05:00 / Yangiliklar

Dastlab, tumanning olis va tog‘li hududida joylashgan Oqtosh qishlog‘idagi 2-son texnikumida “Yangi O‘zbekiston yoshlari — birlashaylik” shiori ostida yoshlar festivali o‘tkazildi.
Tadbir davomida mehmonlar texnikumda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, ta’lim jarayonlari hamda yoshlarning bilim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. So‘zga chiqqanlar tomonidan bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ayniqsa, chekka hududlarda ta’lim sifatini oshirish va yoshlarning zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, yoshlarga ilm-fan va zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘rganish, yurt ravnaqi yo‘lida munosib kadr bo‘lib yetishish, Vatan taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashash zarurligi ta’kidlandi. Festival doirasida texnikum hududida tashkil etilgan o‘quv nuqtalarida harbiy qurol-aslahalar va zamonaviy harbiy texnikalar namoyish etilib, yoshlar uchun ularning imkoniyatlari va qo‘llanilish tartibi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Qarshi garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan Vatan, tinchlik va sadoqatni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi elementlari, qurol bilan bajarilgan ko‘rgazmali chiqishlar hamda harbiy mahorat namunalari yoshlar qalbida milliy armiyamizga bo‘lgan faxr va ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Tadbirlarning navbatdagi qismi Dehqonobod tuman hokimligi binosida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” shaklida davom etdi. Unda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondoni hamda tuman hokimi yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordi. Uchrashuv davomida mamlakatimizda yoshlar siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim va bandlik borasidagi imkoniyatlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, muddatli harbiy xizmat tizimida amalga oshirilayotgan yangiliklarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, bugungi kunda har bir yosh armiyada sharafli harbiy xizmatni o‘tashi bilan bir qatorda, muayyan kasb-hunarni mukammal egallash, oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rish hamda kelgusida munosib mutaxassis sifatida shakllanish imkoniyatiga ega ekani qayd etildi.
Yoshlar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan rahbarlarga murojaat qilib, ta’lim, harbiy xizmat, kasb-hunar o‘rganish va kelgusidagi istiqbolli rejalari yuzasidan atroflicha javoblar oldi.
Yakunda tuman markazida harbiy xizmatchilar tomonidan tashkil etilgan festival dasturi namoyish etildi. Harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, faxriy qorovul va qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar, yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, Vatan himoyachilarining mardlik, jasorat va sadoqat namunalarini aks ettirgan chiqishlari yoshlarni oldilariga qo‘ygan maqsadlari sari dadil intilishga undagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati








