Toshkentda harbiy va amaliy tibbiyot xalqaro konferensiyasi oʻz ishini boshladi
2026-05-21 17:55:00 / Yangiliklar

Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Harbiy tibbiyot instituti tomonidan tashkillashtirilgan mazkur tadbirda zamonaviy harbiy tibbiyotning yangi texnologiyalari, ilmiy ishlar taqdimotlari, ilmiy izlanishlar natijalari borasida oʻzaro tajriba almashish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari qurolli mojarolar va ekstremal sharoitlarda yuzaga keladigan tibbiy muammolarga ilmiy yechim topish, teletibbiyot va sunʼiy intellektni tibbiyot sohasiga faol joriy etish, harbiy hamda fuqarolik sohasi tibbiyot xodimlari oʻrtasidagi xalqaro aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama etiladi.
Anjuman dasturi nazariy maʼruzalar hamda Markaziy harbiy klinik gospitalda mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida oʻtkaziladigan amaliy mashgʻulotlarni oʻz ichiga oladi. Amaliyotlar torakal (koʻkrak qafasi jarrohligi), qorin boʻshligʻi, yurak-qon tomir, travmatologik, ginekologik, urologik va neyro jarrohlik sohalari boʻyicha olib boriladi.
Ilmiy-amaliy konferensiyaning dastlabki kunida xorijiy mehmonlarni Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali va Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Harbiy tibbiyot instituti faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






