Milliy armiya — imkoniyatlar va taraqqiyot maktabi
2026-05-21 20:10:00 / Yangiliklar

Ayniqsa, davlatimiz rahbari bilan joriy etilgan “Bitta askar — bitta kasb” tamoyili muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Mazkur tizim orqali harbiy xizmatchilar xizmat davomida zamonaviy kasb-hunarlarni egallab, kelajakdagi mustaqil hayotlari uchun zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlmoqda.
Navoiy viloyatining Uchquduq va Karmana tumanlari hamda Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida joylashgan Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligiga qarashli harbiy qismlarda xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilar bilan hududdagi texnikumlar hamkorligida turli yoʻnalishlarda oʻquv mashgʻulotlari tashkil etilmoqda. Ushbu mashgʻulotlarda yosh askarlar texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash ishlari, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari va boshqa amaliy yoʻnalishlar boʻyicha nazariy hamda amaliy bilimlarni egallamoqda.
Shuningdek, harbiy qismlardagi taʼmirlash ustaxonalarida olib borilayotgan amaliy mashgʻulotlar yoshlarning kasbiy mahoratini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Tajribali mutaxassislar rahbarligida tashkil etilayotgan dars jarayonlari davomida harbiy xizmatchilar texnik vositalardan samarali foydalanish, nosozliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha muhim koʻnikmalarga ega boʻlmoqda.
Oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan muddatli harbiy xizmatchilarga texnikumlar tomonidan maxsus sertifikatlar topshirilishi esa ularning kelgusida turli tashkilot va korxonalarda malakali mutaxassis sifatida faoliyat yuritishlari uchun muhim asos boʻlib xizmat qiladi.
Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi matbuot xizmati







