“Jasorat sinfi” uchun yangi maydonlar foydalanishga topshirildi
2026-05-21 17:25:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda tuman hokimligi vakillari, Mudofaa vazirligining mas’ul rahbarlari, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi mutasaddilari, jamoatchilik faollari, faxriylar, ustoz-murabbiylar, ota-onalar hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan mutasaddilar mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularni jismonan chiniqqan, ma’nan yetuk va yurt taqdiriga daxldor insonlar sifatida voyaga yetkazishga qaratilayotgan e’tibor haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda “Jasorat sinflari” faoliyati yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim bo‘g‘iniga aylanib bormoqda. Mazkur sinflarda tahsil olayotgan o‘quvchilar uchun yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda kelgusida Vatan himoyasidek sharafli kasbni tanlashlariga zamin yaratadi.
Yangi barpo etilgan sport maydonchasi zamonaviy talablar asosida jihozlangan bo‘lib, o‘quvchilarning jismoniy tayyorgarligini oshirishga xizmat qiladi. O‘q otish maydonchasi esa yoshlarning harbiy-amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning mas’uliyat va intizom tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi she’r va qo‘shiqlar ijro etildi. Ayniqsa, harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan ko‘rgazmali qo‘l jangi chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Maxsus tayyorgarlik elementlari, jangovar usullar va chaqqonlikni o‘zida mujassam etgan namoyishlar yoshlar orasida harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.
Shuningdek, mehmonlar uchun yangi maydonlarning ramziy ochilish marosimi tashkil etilib, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









