“Jasorat maktabi” — kelajak himoyachilari tarbiyalanayotgan maskan
2026-05-21 13:50:00 / Yangiliklar

Unda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi qoʻmondonlik boshligʻi ishtirok etib, yoshlar bilan gulxan atrofida samimiy va ochiq muloqot oʻtkazdi. Uchrashuv davomida yoshlarga harbiy xizmatning sharafli va masʼuliyatli jihatlari, Vatanga sadoqat, fidoyilik hamda yurt tinchligini asrashdek muqaddas burch haqida batafsil soʻz yuritildi.
Shuningdek, yoshlar tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflar tinglanib, ularni qiziqtirayotgan masalalar yuzasidan fikr almashildi. Muloqot jarayonida mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi uchun olib borilayotgan islohotlar haqida ham alohida taʼkidlandi.
Tadbir davomida oʻquv yigʻinida faol ishtirok etgan, sport musobaqalari hamda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda yuqori natijalarga erishgan yoshlar qoʻmondonlikning faxriy yorliqlari, kitob jamlanmalari va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Tadbirning ikkinchi qismida esa ishtirokchilar uchun madaniy hordiq dasturi tashkil etildi. Dastlab Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan buyuk sarkarda Amir Temurning hayoti, jasorati va davlat boshqaruvidagi donishmandligini aks ettiruvchi sahna koʻrinishi namoyish etildi.
Shuningdek, harbiy baxshilar ijrosida yangragan milliy terma dostonlar ishtirokchilarga xalqimizning boy maʼnaviy merosi va qadriyatlarini yana bir bor his etish imkonini berdi. Termiz garnizoni harbiy orkestri hamda vohaning taniqli sanʼatkorlari tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik ruhidagi kuy-qoʻshiqlar esa tadbirga oʻzgacha shukuh va bayramona kayfiyat bagʻishladi.
Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati






