Yoshlar kelajagi uchun yangi imkoniyatlar maydoni
2026-05-20 20:00:00 / Yangiliklar

Mashg‘ulotlar davomida yosh harbiy xizmatchilarga zamonaviy kasblarning sir-asrorlari, ularni egallashning amaliy va nazariy asoslari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Xususan, IT sohasi, chet tillari, texnik yo‘nalishlar bilan bir qatorda tadbirkorlik, oshpazlik va sartaroshlik kabi kasb-hunar yo‘nalishlari bo‘yicha ham amaliy ko‘nikmalar o‘rgatilib kelinmoqda.
Shuningdek, har bir kasbning jamiyatdagi o‘rni, daromad topish imkoniyatlari hamda kelajakdagi istiqbollari haqida tushunchalar berilib, bugungi kunda zamonaviy kasblarga bo‘lgan talab tobora ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Mazkur mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qilmoqda.
Tadbir davomida muddatli harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan mutaxassislardan kerakli tavsiya va yo‘riqnomalar olishmoqda. Mutaxassislar yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashga, doimiy ravishda bilim va malakalarini oshirib borishga chaqirdilar.
Umuman olganda “Bitta askar – bitta kasb” tamoyili asosida tashkil etilayotgan bunday mashg‘ulotlar yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularning bandligini ta’minlash va kelajak hayotida munosib o‘rin egallashida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati









