Qahramonlar xotirasi — qalblarda mangu yashaydi
2026-05-20 18:40:00 / Yangiliklar

Tadbirlar Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida o‘tkazilib, unda harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, o‘quvchi-yoshlar hamda qahramonlar oila a’zolari ishtirok etdi.
Samarqand shahridagi 9-maktabda Sayyor Sadinov, Nuroboddagi 13-maktabda katta leytenant Xodjayev Ismatullo Nurillayevich, Bulung‘urdagi 18-maktabda katta serjant Marufjon Radjabov Ahmadovich va Kattaqo‘rg‘ondagi 16-maktabda kichik serjant Ulug‘bek Barnoyev xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etildi. Unda qahramonlarning jasorati, Vatanga sadoqati va fidoyiligi yoshlar uchun ibrat ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbirlar davomida qahramonlar xotirasiga hurmat bajo keltirilib, byust haykallar poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Shuningdek, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar haqida hikoya qiluvchi “Millat fidoyilari” kitob-albomi taqdimoti o‘tkazilib, ushbu kitoblar maktab kutubxonalariga topshirildi.
Tadbirlarning badiiy qismida garnizon harbiy orkestri tomonidan Vatanga muhabbat va jasoratni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Faxriy qorovul jamoasining chiqishlari esa yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Yakunda marhum harbiy xizmatchilar oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirilib, qahramonlarning jasorati bugungi va kelajak avlod uchun mangu ibrat bo‘lib qolishi alohida qayd etildi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati







