“Bitta askar — bitta kasb” tamoyili: yoshlar bandligi va professional kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam
2026-05-20 15:30:00 / Yangiliklar

Mazkur tamoyil asosida Farg‘ona viloyati, Farg‘ona shahrida joylashgan Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar uchun 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan maxsus o‘quv kurslari tashkil etilib, kurslar orqali harbiy xizmatchilar xizmat davomida bir vaqtning o‘zida zamonaviy kasb-hunar sirlarini ham egallab bormoqda. O‘quv jarayonlarini muvaffaqiyatli yakunlagan askarlarga davlat namunasidagi sertifikatlar topshirilishi ularning kelgusidagi mehnat faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Qayd etish joizki, mazkur platforma harbiy qism hamda Farg‘ona shahar 4-sonli texnikumi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi asosida mashg‘ulotlar tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Belgilangan reja asosida askarlarga kompyuter IT texnologiyalari va dasturlash, elektropayvandlash va chilangarlik ishlari, elektromantyorlik, xorijiy tillar, buxgalteriya hisobi, tadbirkorlik asoslari hamda servis xizmatlari yo‘nalishlarida nazariy va amaliy bilimlar berilmoqda.
Mashg‘ulotlar malakali mutaxassislar tomonidan zamonaviy pedagogik yondashuvlar va innovatsion texnologiyalar asosida olib borilayotgani yoshlarning kasbiy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, amaliy mashg‘ulotlarning ishlab chiqarish jarayonlariga yaqin sharoitda tashkil etilgani askarlarning o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha puxta tajriba orttirishida muhim omil bo‘lmoqda.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati






