Harbiy xizmat va kasbiy taraqqiyot uyg‘unligi ta’minlanmoqda
2026-05-20 15:25:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir davomida yosh harbiy xizmatchilarga zamonaviy kasblarni egallashning ahamiyati, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar hamda kelajakda munosib kasb egasi bo‘lish uchun zarur bilim va ko‘nikmalar haqida batafsil tushunchalar berildi. Mutaxassislar tomonidan harbiy xizmat davrida vaqtni unumli tashkil etish, o‘z ustida muntazam ishlash va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha muhim tavsiyalar bildirildi.
Mashg‘ulotlarda kasb-hunar o‘rganishning nazariy va amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratilib, yoshlarning qiziqishi va intilishlariga mos yo‘nalishlarni tanlash yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Xususan, bugungi kunda IT sohasi, xorijiy tillar, texnik va ishlab chiqarish yo‘nalishidagi kasblarga ehtiyoj tobora ortib borayotgani ta’kidlanib, ushbu sohalarda malakali mutaxassis bo‘lishning afzalliklari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, har bir kasbning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati va daromad manbai sifatidagi istiqbollari misollar asosida tushuntirildi. Tadbir davomida yosh harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, kasb tanlash, kelgusida ish faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish bo‘yicha foydali tavsiyalar oldi.
Mutaxassislar yoshlarni zamonaviy kasblarni puxta egallashga, doimiy ravishda bilim va malakasini oshirib borishga, shuningdek, harbiy xizmatdan keyingi hayotga puxta tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda kasb-hunar egallagan, zamonaviy bilimlarga ega yoshlar mamlakat taraqqiyoti va jamiyat ravnaqining muhim tayanchi hisoblanadi.
Yakunda qayd etilganidek, “Bitta askar — bitta kasb” tamoyili asosida tashkil etilayotgan bunday tadbirlar yosh harbiy xizmatchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularning intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash hamda kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun mustahkam poydevor yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati









