Harbiy xizmatchilar kasb va xorijiy tillarni egallamoqda
2026-05-20 10:50:00 / Yangiliklar

Andijon shahridagi 6-son texnikumi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan mazkur loyiha Qurolli Kuchlar tizimida muddatli harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularning xizmatdan keyingi hayotga adaptatsiyasini ta’minlash borasidagi izchil islohotlarning amaliy ifodasidir.
Bugungi kunda zamonaviy armiyaning jangovar salohiyati nafaqat taktik tayyorgarlik, balki shaxsiy tarkibning texnik tafakkuri, muhandislik ko‘nikmalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish malakasi hamda ko‘p tarmoqli kasbiy tayyorgarligi bilan ham chambarchas bog‘liq. Shu jihatdan, dual ta’lim mexanizmi asosida tashkil etilgan mazkur mashg‘ulotlar nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni o‘zaro integratsiyalashgan holda olib borilishi bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Mashg‘ulotlar davomida muddatli harbiy xizmatchilar sartaroshlik, duradgorlik, elektr payvandchilik, mashinasozlik, IT hamda texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni egallamoqda. Ayniqsa, mashinasozlik yo‘nalishidagi amaliy darslarning bevosita harbiy qism avtomobillar parkida tashkil etilgani tahsinga sazovor. Bu jarayon yoshlarning texnik tafakkurini charxlab, murakkab mexanizmlar bilan ishlash borasidagi salohiyatini yanada mustahkamlamoqda. Harbiy texnikalarga xizmat ko‘rsatish, ularni diagnostika qilish va ta’mirlash bo‘yicha olib borilayotgan mashg‘ulotlar askarlarning sohaga bo‘lgan qiziqishini sezilarli darajada oshirmoqda.
Shuningdek, xorijiy tillar hamda axborot texnologiyalariga oid mashg‘ulotlarning zamonaviy metodika asosida tashkil etilgani yoshlarning dunyoqarashi va intellektual salohiyatini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bugungi raqamli taraqqiyot davrida IT bilimlari va xorijiy tillarni puxta egallash har bir yosh uchun ustuvor vazifaga aylangan bir paytda, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlar ulkan istiqbol eshiklarini ochmoqda.
E’tiborlisi, ushbu tashabbus yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish hamda kelajakda jamiyatda munosib o‘rin egallaydigan yetuk mutaxassis va fidoyi Vatan himoyachisi sifatida kamol toptirishga xizmat qilmoqda. Harbiy xizmat davomida egallangan kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalar esa yigitlarning kelgusidagi hayot yo‘lida mustahkam tayanch vazifasini o‘tashi shubhasiz.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









