Okrug boshqaruv apparatida sarhisob yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-05-20 10:20:00 / Yangiliklar

Okrug qo‘mondoni rahbarligida tashkil etilgan yig‘ilishda tizimdagi mavjud vazifalarning ijrosi, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi. Mas’ul rahbar va mutaxassislarning hisobotlari tinglanib, har bir yo‘nalish bo‘yicha erishilgan natijalar hamda mavjud muammolar tahlil qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlar nafaqat jangovar va ma’naviy tayyorgarlikdan o‘tmoqda, balki o‘z qiziqishlari va layoqatidan kelib chiqib turli kasb-hunarlarga ham o‘qitilmoqda. Bu borada okrug qo‘shinlarida zamonaviy va samarali tizim shakllantirilib, o‘quv mashg‘ulotlari muntazam yo‘lga qo‘yilgan. Yig‘ilish davomida dars jarayonlarining sifati, harbiy xizmatchilarning kasb o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi, mashg‘ulotlarning amaliy samaradorligi yuzasidan dastlabki xulosalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bandligini ta’minlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar alohida e’tirof etildi. Ayniqsa, alohida e’tibor va yondashuv talab qilinadigan yoshlar bilan manzilli ishlash orqali ijobiy natijalarga erishilayotgani qayd etildi.
Hisobot yig‘ilishida harbiy qism komandirlari va muassasa rahbarlariga biriktirilgan yoshlar bilan individual ishlash, ularning muammolarini chuqur o‘rganish, mavjud masalalarni tezkor hal etish hamda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Tadbir davomida harbiy xizmatchilar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari ham muhim yo‘nalish sifatida muhokama qilindi. Mutasaddilar tomonidan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, hamkor tashkilotlar bilan ishlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, targ‘ibot va tushuntirish ishlarining ta’sirchanligini kuchaytirish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Yig‘ilish yakunida tizimda yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, xizmat faoliyatini yanada takomillashtirish hamda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati





