Tarixga sayohat — ajdodlar merosiga ehtirom
2026-05-18 19:30:00 / Yangiliklar

Ushbu sayohatda Termiz va Xayraobod garnizonlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari, “Vatan tayanchi” otryadi yoshlari hamda otaliqqa olingan yoshlar faol ishtirok etdi. Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad yosh avlod va harbiy xizmatchilarning milliy tariximiz, boy madaniy merosimiz hamda ajdodlarimiz qoldirgan bebaho maʼnaviy qadriyatlarga boʻlgan hurmatini yanada mustahkamlashdan iborat boʻldi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar dastlab Sanʼat va madaniyat muzeyiga tashrif buyurib, u yerda milliy sanʼat namunalari, qadimiy madaniy meros obyektlari va xalq amaliy sanʼatiga oid eksponatlar bilan tanishdilar. Shundan soʻng Arxeologiya muzeyida boʻlib, yurtimizning qadimiy tarixi va sivilizatsiyasini oʻzida aks ettiruvchi arxeologik topilmalar, qadimiy qoʻlyozmalar hamda noyob tarixiy buyumlar haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻldilar.
Sayohat davomida ishtirokchilar Denov tumanidagi Surxondaryo milliy qadriyatlar muzeyida ham boʻlib, milliy urf-odat va anʼanalarimizni oʻzida mujassam etgan eksponatlar, qadimiy roʻzgʻor buyumlari va milliy hunarmandchilik namunalari bilan yaqindan tanishdilar.
Mutasaddilar tomonidan muzeylarda saqlanayotgan tarixiy eksponatlarning ahamiyati, ularning kelajak avlod uchun tutgan oʻrni hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida tushunchalar berildi.
Tadbir ishtirokchilari mazkur sayohat orqali yurtimiz tarixi va madaniy merosiga oid bilimlarini boyitib, milliy qadriyatlarga hurmat va vatanparvarlik tuygʻularini yanada mustahkamladilar.
III darajali serjant Akbar AXMEDOV,
Termiz garnizoni.









