Harbiy xizmat — kelajak sari ishonchli qadam
2026-05-18 17:50:00 / Yangiliklar

Mazkur tizim asosida harbiy xizmatchilar axborot texnologiyalari, texnik yoʻnalishlar, xizmat koʻrsatish sohasi hamda boshqa zamonaviy kasblar boʻyicha amaliy va nazariy bilimlarni egallamoqda. Bu esa yoshlarning harbiy xizmat davomida oʻz ustida ishlashi va kelajak hayotiga puxta tayyorgarlik koʻrishida muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, harbiy qismlarda xorijiy tillarni oʻqitish jarayonlari ham samarali tashkil etilgan. Ayniqsa, ingliz tilini oʻrganayotgan muddatli harbiy xizmatchilar zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirib, dunyoqarashi va intellektual salohiyatini yanada kengaytirmoqda.
Bundan tashqari, yoshlarni oliy taʼlim muassasalariga tayyorlash maqsadida qoʻshimcha mashgʻulotlar ham muntazam yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu darslar harbiy xizmatchilarning bilim saviyasini oshirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish hamda ularning kelgusidagi taʼlim va kasbiy faoliyatiga mustahkam zamin yaratishga xizmat qilmoqda.
Markaziy harbiy okrug Samarqand garnizonidagi harbiy qismlarda ham yosh askarlarni xorijiy tillar va IT texnologiyalariga oʻqitish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Mashgʻulotlarda zamonaviy oʻquv usullari hamda amaliy dasturlardan samarali foydalanilib, har bir askarning qiziqishi va qobiliyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, Markaziy harbiy okrug taʼmirlash ustaxonasida tajribali mutaxassislar tomonidan amaliy mashgʻulotlar tashkil etilib, yosh harbiy xizmatchilar texnik jihozlarni taʼmirlash, zamonaviy uskunalar bilan ishlash hamda kasbiy koʻnikmalarni egallash imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Bugungi armiyamiz yoshlarni intizom, jasorat, mardlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bilan birga, ularning kelajak hayoti uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Zero, bilimli, kasb-hunarli va maʼnaviy yetuk yoshlar — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining eng muhim tayanchi hisoblanadi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati






