Imtiyozli tavsiyanoma – yoshlar kelajagi uchun muhim qadam
2026-05-18 08:55:00 / Yangiliklar

Ayniqsa, Vatan himoyasi yoʻlida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning oilalariga gʻamxoʻrlik qilish, ularning farzandlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday eʼtiborning amaliy ifodasi sifatida Mudofaa vazirligiga qarashli qo‘mondonlikda harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalarni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, mazkur imtiyoz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu qarorga muvofiq, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda xizmat olib borayotgan harbiy xizmatchilarni farzandlari uchun oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga kirishda besh foizlik alohida davlat kvotasi ajratilgan.
Shu bilan birga, xizmat vazifasini bajarish jarayonida halok boʻlgan yoki nogironligi yuzaga kelgan harbiy xizmatchilar farzandlarini oliy taʼlim muassasalariga tanlovsiz qabul qilish boʻyicha tavsiyanomalar berish tartibi ham belgilangan.
Tadbirda qo‘mondonlik rahbariyati mazkur imtiyoz yoshlarning bilim olishga boʻlgan intilishini yanada ragʻbatlantirishi, ularning kelajakda yurt ravnaqiga munosib hissa qoʻshadigan yetuk mutaxassislar boʻlib voyaga yetishida muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.
Shuningdek, tadbir davomida soʻzga chiqqanlar harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlar davlatimiz tomonidan harbiylar va ularning oila aʼzolariga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yana bir yorqin namunasi ekani qayd etildi.
Marosim yakunida 24 nafar yigit-qizlarga besh foizlik kvota asosida oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi. Yoshlar imtiyozli tavsiyanomalarni olar ekan kelajakda qanday sohada boʻlmasin Vatan ravnaqiga kamarbasta boʻlishga vaʼda berdi.








