Fidoyilar farzandlari uchun yuksak ehtirom ifodasi
2026-05-16 17:30:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir davlatimiz rahbarining 2018-yil 14-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi. Ushbu muhim hujjat asosida 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar farzandlari uchun oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabulda besh foizli davlat granti kvotasi ajratilgan bo‘lib, bu yoshlarning bilim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilarning farzandlarini oliy ta’lim muassasalariga tanlovsiz qabul qilish bo‘yicha tavsiyanomalar berilishi ham davlatimiz tomonidan harbiylar va ularning oilalariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor hamda ijtimoiy himoyaning yorqin namunasidir.
Tantanali marosimda vazirlik tasarrufidagi qo‘mondonlik rahbariyati, harbiy xizmatchilar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida so‘zga chiqqan mas’ullar mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodni Vatanga sadoqat, yuksak ma’naviyat hamda fidoyilik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida atroflicha fikr yuritdi.
Tadbir davomida jami 52 nafar yigit-qizga besh foizli kvota asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish huquqini beruvchi imtiyozli tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.




