Munosib kadrlarni saralashda oʻzaro hamkorlik
2026-05-16 16:20:00 / Yangiliklar

Soʻnggi yillarda Mudofaa vazirligida kadrlar boshqaruvi tizimi tubdan isloh qilinib, yuqori malakali kadrlarga boʻlgan talab va taklifni oʻrgangan holda sohani sifatli kadrlar bilan taʼminlash, kadrlarni oʻz oʻrniga qoʻyish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Harbiy kadrlar siyosati, xususan kadrlarni saralab olish va ishga qabul qilishda eng xolis va shaffof metodlardan foydalanish, istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirib borish, bu jarayonda korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha muayyaan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada, 2025-yilning 17-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik va anglashuv memorandumi imzolangan edi.
Memorandum doirasida agentlik mutaxassislari bilan hamkorlikda “Kadrlar zaxirasi”, “Samaradorlik – KPI” va “QK xizmatchilari va ishchilari” platformalari yaratish ishlari amalga oshirilmoqda.
Agentlikning Rahbar kadrlarni baholash markazida nomenklatura lavozimiga nomzod ofitserlarning kompetensiyalari va shaxsiy-professional rivojlanish koʻnikmalarini aniqlash boʻyicha test sinovlarini qabul qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Bundan tashqari, ARGOS.test.uz platformasi orqali Mudofaa vazirligi qoʻshinlariga kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga, harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish istagini bildirgan 2025- yilda 19 ming, joriy yilda esa 20 ming nafardan ortiq nomzodlardan psixologik oʻrganish test sinovlari kompyuter texnologiyalari orqali qabul qilindi.
Mudofaa vazirligi va Boshqaruv samaradorligi agentligi masʼullari oʻrtasida oʻtkazilgan uchrashuvda nomzodlardan psixologik test sinovlarini ARGOS.test.uz platformasi orqali qabul qilish, munosib kadrlar zaxirasini shakllantirish, soha samaradorligini oshirishda eng soʻnggi jahon standartlari asosidagi zamonaviy elektron tizim hamda sunʼiy intellektdan keng foydalanish boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Ushbu oʻzaro hamkorlik Mudofaa vazirligi qoʻshinlarini yuksak intellektual salohiyatga ega, psixologik barqaror kadrlar bilan taʼminlash orqali mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada yuksaltirishga ulkan hissa qoʻshadi.









