“Yashil makon” — ekologik barqarorlik va obodlik sari muhim qadam
2026-05-16 12:00:00 / Yangiliklar

Toshkent shahar hokimligi hamkorligida o‘tkazilgan ko‘kalamzorlashtirish aksiyasida Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, Toshkent shahar mudofaa ishlar boshqarmasi, Qurolli Kuchlar tarkibidagi kuch tuzilmalari mas’ul ofiserlari, hokimlik vakillari hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Olmazor tumanida joylashgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi oldidagi asosiy ko‘cha bo‘ylab qariyb 700 tup lola va kashtan daraxti ko‘chatlari ekildi.
Ekologik aksiya jarayonida hududda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari ham amalga oshirildi. Xususan, daraxt ko‘chatlarini parvarishlash uchun yer maydonlari tayyorlanib, atrof hududlar tartibga keltirildi. Ishtirokchilar tomonidan ko‘chatlarni to‘g‘ri ekish va ularni kelgusida parvarishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, balki shahar va mahallalar qiyofasini yanada obod etish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda aholining tabiatga bo‘lgan mas’uliyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, harbiy xizmatchilar va davlat tashkilotlari vakillarining bunday ezgu tashabbuslarda faol qatnashayotgani yosh avlod uchun ham ibrat bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mutasaddilar tomonidan qayd etilganidek, yashillik maydonlarini kengaytirish, atmosfera havosining musaffoligini ta’minlash hamda ekologik muammolarning oldini olish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Shu bois yurtimizning barcha hududlarida ko‘chat ekish, bog‘ va xiyobonlarni obod qilish ishlari tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









