Ilk ofitserlik unvoni — unitilmas lahzalar
2026-05-16 10:40:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Toshkent harbiy okrugi fakultetida ofitserlik lavozimlariga tayinlangan oliy maʼlumotli serjantlar uchun boshlangʻich “leytenant” harbiy unvonini olish boʻyicha 45 kunlik oʻquv kursi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur oʻquv kursidan quyidagi asosiy maqsadlar koʻzlandi:
– ofitserlik lavozimlariga tayinlangan harbiy xizmatchilarning nazariy bilimlari hamda maʼnaviy-intellektual salohiyatini oshirish;
– boʻlinmalarni boshqarish va shaxsiy tarkib bilan ishlashning zamonaviy yondashuvlarini oʻrgatish;
– harbiy xizmatchilarning kasbiy malakasi va professional tayyorgarligini mustahkamlash;
– amaliy tajribalarni oʻzlashtirish uchun keng imkoniyat yaratish.
Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi, fakultet rahbariyati hamda professor-oʻqituvchilar ishtirokida oʻtkazilgan bitiruv tadbirida oʻquv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan 42 nafar serjantga “leytenant” birinchi ofitserlik harbiy unvoni tantanali ravishda topshirildi.
Taʼkidlash joizki, oʻquv kursi davomida tajribali professor-oʻqituvchilar tomonidan taktika, otish tayyorgarligi, boʻlinmalarni boshqarish va liderlik, uchuvchisiz uchish tizimlari, sunʼiy intellekt asoslari hamda kiberxavfsizlik yoʻnalishlarida nazariy mashgʻulotlar va amaliy treninglar tashkil etildi.
Bitiruv tadbirida soʻz olgan Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi ofitserlari zamonaviy ofitser yuksak bilim va salohiyatga ega, vatanparvar, keng dunyoqarashli hamda bugungi tahdidlarga munosib javob bera oladigan yetuk mutaxassis boʻlishi lozimligini alohida taʼkidladilar.
Shuningdek, fakultet boshligʻi polkovnik R. Axmadaliyev jangovar va kundalik faoliyat sharoitlarida boʻlinmalarni samarali boshqarish, murakkab vaziyatlarda mustaqil qaror qabul qilish, shaxsiy namuna va yuqori motivatsiya orqali boʻysunuvchilarni jangovar-xizmat vazifalarini sidqidildan bajarishga yoʻnaltirish har bir ofitserning muhim burchi ekanini qayd etdi.
Tadbir davomida soʻzga chiqqan yosh leytenantlar oʻzlariga bildirilgan yuksak ishonchni oqlash, shaxsiy tarkib bilan masʼuliyat va talabchanlik asosida ishlash hamda oʻquv kursi davomida egallangan bilim va koʻnikmalarni amaliy faoliyatda samarali qoʻllashga tayyor ekanliklarini bildirdilar
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






