“Vatanparvar” tashkiloti rahbari andijonlik yoshlar bilan uchrashdi
2026-05-15 13:00:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida Markaziy kengashi raisi yig‘ilganlarga “Vatanparvar” tashkilotining bugungi faoliyati, xususan, aholini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, texnik va amaliy sport turlarini ommalashtirish, shuningdek, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, “Vatanparvar” tashkiloti mamlakatimizdagi haydovchilik kasbiga tayyorlovchi eng yirik o‘quv tizimlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, tashkilot tizimida fuqarolar vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektr payvandchi, avtochilangar hamda avtoelektrik kabi kasblarga ham o‘qitilmoqda. Bundan tashqari, yuk ortuvchi transport vositalari, avtogidropodyomnik, yuk mashinasi krani, g‘ildirakli traktor va bir kovshli ekskavatorlarni boshqarish bo‘yicha ham malakali mutaxassislar tayyorlanayotgani yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuv davomida tashkilot tasarrufidagi sport seksiyalari faoliyati haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, “Vatanparvar” tashkiloti sportchilari nafaqat respublika, balki MDH, Osiyo va jahon chempionatlarida ham yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda. Bu esa yoshlarni sportga keng jalb qilish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ochiq muloqot samimiy va qizg‘in savol-javoblar ruhida o‘tdi. Ayniqsa, umumta’lim maktablari, akademik litsey va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari tashkilot tizimidagi o‘quv markazlarida kasb-hunar egallash va sport bilan shug‘ullanish istagini bildirdi.
“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida “Vatanparvar” tashkiloti rahbari tomonidan Andijon viloyati kengashi tasarrufidagi o‘quv muassasalariga 17 ta Chevrolet Onix rusumli avtomobil hamda 4 ta FOTON yuk mashinasi topshirildi. Mazkur texnikalar endilikda avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kurslarida “B” va “C” toifalari bo‘yicha tahsil olayotgan tinglovchilarning amaliy mashg‘ulotlarida foydalaniladi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan avtokross, motokross, karting, biatlon, duatlon, pnevmatik quroldan o‘q otish, aviamodel, raketamodel va kemamodel sport seksiyalarining ko‘rgazmali chiqishlari tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati




