“Kasb va mehnat kuni” yirik ijtimoiy tadbirga aylandi
2026-05-14 18:00:00 / Yangiliklar

Mazkur tashabbus viloyat hokimligi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, Qarshi harbiy prokuraturasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida yuqori darajada o‘tkazildi.
Tadbir harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, bir yillik muddatli harbiy xizmatni yakunlab qaytgan yigitlar, shuningdek, Qarshi shahridagi texnikumlar hamda umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilaridan iborat minglab yoshlar uchun chin ma’noda imkoniyatlar eshigi sifatida xizmat qildi.
Jarayonlar davomida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug mas’ullari tomonidan yoshlarga oliy harbiy ta’lim muassasalariga qabul tartibi, harbiy xizmat tizimidagi ijtimoiy kafolatlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun yaratilgan imtiyoz hamda keng ko‘lamli yengilliklar, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan fuqarolar uchun joriy etilgan yangi imkoniyatlar yuzasidan atroflicha tushunchalar berildi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan harbiy qurol-aslaha va zamonaviy texnikalar ko‘rgazmasi tomoshabinlar e’tiborini o‘ziga tortdi. Harbiy qismlar tomonidan namoyish etilgan ilg‘or qurol-yarog‘ tizimlari, o‘quv jihozlari hamda harbiy texnika vositalari yoshlar uchun betakror taassurot manbai bo‘ldi.
Shu bilan birga, tadbirda viloyatdagi davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan tashkil etilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham alohida e’tibor qozondi. Unda ishtirokchilar o‘z qiziqish va malakasiga mos ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumot olib, bandlik borasida o‘zlari uchun maqbul imkoniyatlarni tanlash imkoniga ega bo‘ldi.
Badiiy qism esa tadbirga yanada ko‘tarinki ruh baxsh etdi. Viloyat madaniyat markazi ijodkorlari hamda Qarshi garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan mumtoz va zamonaviy kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati







