Sharafli tarix va fidokorona xizmat tantanasi
2026-05-14 15:30:00 / Yangiliklar

Bayramona ruhda o‘tgan tadbirda harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosim davomida harbiy qismning tashkil etilganidan buyon bosib o‘tgan sharafli yo‘li, yurtimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash, davlatimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlash hamda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash borasida amalga oshirayotgan samarali faoliyati alohida e’tirof etildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning mardlik, jasorat va fidoyilik namunasi bo‘lgan xizmatlari yuksak qadrlanib, ularning Vatan oldidagi sharafli burchni sidqidildan ado etayotgani ta’kidlandi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan bugungi kunda Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoitlar hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar o‘zining amaliy natijalarini berayotgani qayd etildi. Ta’kidlanganidek, harbiy qismning ko‘p yillik faoliyati davomida to‘plangan boy tajriba, harbiy jamoaning jipsligi va yuksak jangovar tayyorgarligi bugungi kunda ham yurt himoyasi yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bayram tadbirining badiiy qismi ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Xususan, faxriy qorovul shaxsiy tarkibining saf chiqishlari, ko‘rgazmali harbiy chiqishlar hamda ma’naviy-ma’rifiy dasturlar tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar esa yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Shuningdek, xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishib, namunali xizmat qilayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar faxriy yorliq, esdalik sovg‘alari hamda qo‘mondonlikning tashakkurnomalari bilan munosib taqdirlandi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati





