Samarqandda “Psixologik ishlar kuni” o‘tkazildi
2026-05-14 15:05:00 / Yangiliklar

Dastlab ruhiy yuklamalarni yechish xonasida harbiy xizmatchilar bilan psixologik suhbat va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Unda harbiylarning ruhiy barqarorligini mustahkamlash, stressli vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish hamda diqqatni jamlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shundan so‘ng mashg‘ulotlar dala sharoitida davom ettirildi. “O‘qdonni qo‘lga kiritish” mashqi orqali harbiy xizmatchilarning tezkor fikrlashi va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalari mustahkamlandi.
“Tezkorlik va aniqlik” mashqida esa ishtirokchilarning hushyorligi, chaqqonligi va jamoaviy hamkorlikda harakat qilish qobiliyatlari sinovdan o‘tkazildi.
Shuningdek, “Ko‘rishi cheklangan jangchi” mashqi davomida harbiy xizmatchilar tovush orqali mo‘ljal olish, diqqatni bir nuqtaga jamlash hamda tezkor harakat qilish ko‘nikmalarini amalda namoyish etdilar.
O‘tkazilgan psixologik trening mashg‘ulotlari harbiy xizmatchilarning ruhiy tayyorgarligini oshirish, jangovar shaylikni mustahkamlash hamda jamoaviy muhitni yanada yaxshilashga xizmat qildi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati




