Yoshlar bilan ochiq muloqotda muammo, taklif va yangi tashabbuslar muhokama qilindi
2026-05-13 19:05:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirga uyushmagan yoshlar, texnikum o‘quvchilari, shuningdek, shahar Ichki ishlar bo‘limi probatsiya guruhi hisobida turgan yoshlar jalb etilib, ular bilan ochiq va samimiy muloqot olib borildi.
Uchrashuv davomida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi qo‘mondonlik boshlig‘i hamda Termiz harbiy prokuraturasi vakillari yoshlar bilan samimiy suhbat olib borib, mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarning zamonaviy kasb-hunar va bilimlarni egallashi, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan davlat dasturlari yuzasidan muhim fikrlar bildirildi.
Tadbirda yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, ma’naviy immunitetni mustahkamlash, ilm-fan va innovatsiyalarga qiziqishni oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sportga keng jalb qilish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish hamda xorijiy tillarni o‘rganishga rag‘batlantirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Ochiq muloqot jarayonida yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish va ularning bandligini ta’minlash yuzasidan qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Mutasaddilar tomonidan yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni real iqtisodiy loyihalar bilan bog‘lash hamda amaliy natijalarga yo‘naltirish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari “Vatanparvarlar” bog‘ida tashkil etilgan harbiy-vatanparvarlik festivalida ishtirok etdi. Festival doirasida Termiz garnizoni harbiy orkestrining kuy-qo‘shiqlari, faxriy qorovul jamoasining ko‘rgazmali chiqishlari hamda qo‘l jangi bo‘yicha namoyishlar yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Tashkil etilgan sayohat davomida yoshlar “Vatan aziz — jasorat mangu” burchagida bo‘lib, mustaqillik yillarida Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning jasorati, fidoyiligi va mardligi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Kun yakunida faol ishtiroki, tashabbuskorligi va ijtimoiy faolligi bilan ajralib turgan bir guruh yoshlar munosib taqdirlanib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.








